Turkiya kurortlari: Antalya, Kemer, Side, Belek, Alanya yoki Bodrum
Turkiyaga borishga qaror qildingiz — endi qaysi kurort degan savol qoldi. Har birining o‘z odami bor: bittasi bolalar uchun, ikkinchisi yoshlar uchun, uchinchisi tinchlik izlaganlar uchun.
Avval plyajni hal qiling
Turkiyada plyaj ikki xil: qumli va toshloq (mayda tosh). Bu kurortni tanlashdagi ENG muhim farq, chunki uni keyin o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Qumli va sekin chuqurlashadigan plyaj — Side, Belek, Alanya tomonda. Bolalar bilan borsangiz, shu tomonni qarang.
Toshloq plyaj — Kemer va uning atrofida. Suvi tiniqroq, lekin cho‘milish uchun maxsus poyabzal kerak va kichkina bolaga noqulay.
Antalyada ikkalasi ham bor — rayonga bog‘liq. Shuning uchun «Antalya» degan so‘zning o‘zi yetarli emas: operatordan aynan otel plyaji qanday ekanini so‘rang.
Kurortlar qisqacha
ANTALYA — eng ko‘p reys va eng katta tanlov, aeroport yaqin (transfer qisqa). Shahar ham bor: bozor, eski shahar, savdo markazlari. Birinchi marta boradiganlar uchun xavfsiz tanlov.
KEMER — tog‘lar dengizga tutash, havo salqinroq va manzara chiroyli. Plyajlar toshloq. Yoshlar va tabiat yoqtiradiganlar uchun.
SIDE — qumli uzun plyaj va qadimiy shahar xarobalari yonma-yon. Narx o‘rtacha, oila uchun juda qulay.
BELEK — eng yangi va eng yaxshi otellar, gazon va golf maydonlari. Qimmatroq, lekin xizmat darajasi yuqori. Bolalar klublari kuchli.
ALANYA — eng hamyonbop. Uzoq qumli plyaj, hayot arzon, lekin aeroportdan uzoq (transfer 2 soatgacha).
BODRUM va KUSHADASI — Egey dengizi. Suv salqinroq va tiniq, kechki hayot faol, atrofda mayda qishloqlar. Dengizdan tashqari «yurish»ni yoqtirganlar uchun.
Transfer haqida o‘ylang
Ko‘pchilik buni hisobga olmaydi, keyin esa afsuslanadi. Antalya aeroportidan Belekka 40 daqiqa, Sidega bir soat, Kemerga bir soat yarim, Alanyaga esa ikki soatdan ko‘proq.
Guruh transferi yo‘lda bir necha otelga kirib o‘tadi — ya’ni vaqt yana cho‘ziladi. Kechki reysda bolalar bilan bu og‘ir.
Shuning uchun arzonroq otelni tanlashdan oldin hisoblang: ikki soatlik yo‘l ikki marta (borish va qaytish) — bu ta’tilingizdan yarim kun.
Kimga qaysi biri
Kichkina bolalar bilan — Side yoki Belek: qumli sekin kirish, bolalar klubi, qisqa transfer.
Hamyonbop dam olish — Alanya: o‘sha pulga darajasi yuqoriroq otel chiqadi, lekin yo‘l uzoq.
Birinchi marta Turkiyaga — Antalya: hamma narsa yaqin va tanlov keng.
Tabiat va tog‘ — Kemer.
Yoshlar davrasi va kechki hayot — Bodrum yoki Alanya markazi.
Faqat dengiz emas, shahar ham kerak bo‘lsa — Istanbulni qo‘shing: ko‘pchilik ikkisini birlashtiradi, ichki parvoz arzon.
Savolingiz qoldimi? Operator bepul maslahat beradi.